Veb-kontentga kirish imkoni

Shrift oʻlchami

Sahifa oʻlchami


"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyatining rasmiy bayonoti

2020-yil 24-noyabr

Ijtimoiy tarmoqdagi kanallarning birida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Navoiyazot” AJ faoliyatiga daxldor masala yuzasidan e'lon qilingan maqola bo'yicha “O'zkimyosanoat” AJ quyidagilarni ma'lum qiladi.

Avvalambor, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil
9 iyuldagi “O'zkimyosanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlarning aktivlaridan samarali foydalanish hamda moliyaviy holatini sog'lomlashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 432-son qarori O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi
PQ-4265-son qarori asosida qabul qilinganligi ta'kidlab o'tish lozim.

Bu esa o'z navbatida, maqolada qayd etilgan “Prezident qarorini Vazirlar Mahkamasi bekor qilsa...” degan jumlani asossiz va mantiqsizligini ko'rsatadi.

Haqiqatdan ham, “Navoiyazot” AJ respublikada yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi va korxonada 70 dan ortiq kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi “Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish hamda aholisi bandligini ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-3301-son qaroriga asosan, “Navoiyazot” AJ mablag'lari hisobidan 500 bosh tuya va 3 000 bosh qo'y boqishga mo'ljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etilishi belgilangan.

Ushbu qarordan ko'zlangan maqsad, Navoiy viloyatida chorvachilikni rivojlantirish, uzoq hududlardagi aholi bandligini ta'minlash, ularning turmush darajasini yanada oshirishga o'z hissasini qo'shishdan iborat.

Maqolada, “Mazkur kompleksni tugatishning kimga keragi bor?” degan savol o'rinsiz deb hisoblaymiz. Chunki, ushbu kompleksni tugatish haqida hech qanday na huquqiy, na ijtimoiy va na moliyaviy mantiq bor!

Yuqorida ko'rsatib o'tilgan qarorga asosan, nosohaviy aktivlarni, shu jumladan, ushbu ob'ektni potentsial investorlarga sotish belgilangan.

Buning asosiy maqsadi, sohaga oid bo'lmagan ob'ektlarni sotish orqali ishlab chiqarish harajatlarni kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish ko'zda tutilgan.

“Navoiyazot” AJ tomonidan 2018 yilda Tomdi tumanining Tomdibuloq OFYda “Qo'ychilik majmuasi” tashkil etilib, 360 bosh tuya
va 3 080 bosh qo'y sotib olingan hamda 33 nafar mahalliy fuqaro ish bilan ta'minlangan.

Mazkur kompleks 2019 yilda 240 million so'm foyda bilan yilni yakunlagan, lekin, “Navoiyazot” AJ tomonidan chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun jami 17 mlrd. so'm harajat qilinganligi, bundan tashqari har yili
3,6 mlrd. so'mlik saqlash harajatlari amalga oshirilayotganligi hisobga olinmagan. Ob'ekt auktsion sadolari orqali sotilishi natijasida ushbu saqlash harajatlari tejalishiga erishiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni raqobatbardoshligini ta'minlashga, shuningdek, xususiy sektorning rivojlanishiga zamin yaratiladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 iyuldagi “O'zkimyosanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlarning aktivlaridan samarali foydalanish hamda moliyaviy holatini sog'lomlashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 432-son qarorining 1-ilovasiga muvofiq, “Navoiyazot” AJ balansidagi Navoiy viloyati, Tomdi tumani, Tomdibuloq ovuli hududida joylashgan chorvachilik kompleksi “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 17 mlrd. so'm qiymatda ommaviy savdolarga chiqarildi.

Chorvachilik kompleksini sotish shartnomasiga ko'ra, xaridorga 33 nafar ish o'rnini saqlagan holda hamda kompleksni kelgusida tugatish emas, balki rivojlantirish, tuya va qo'ylarning sonini ko'paytirish, yangi ish o'rinlari yaratish kabi bir qancha talablarni amalga oshirilishi ko'zda tutilgan holda sotiladi.

Shunday ekan, Tomdi tumanidagi 33 nafar oilaning qora qozonini qaynatib turgan ushbu ob'ekt faoliyati tugatilishi va ularning ishsiz qolishi to'g'risidagi ma'lumotlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

Mamlakatimizda xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar davom ettirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi
PF-6096-son Farmoni buning yaqqol ifodasidir.

Farmonga muvofiq, xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash belgilangan.

Shuningdek, iqtisodiy islohotlar natijasida yangi ish o'rinlarini tashkil etishga qaratilgan sayi-harakatlar hech qanday o'g'irlik emas, balki xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan xalq turmush tarzini yaxshilash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Xulosa o'rnida aytish joizki, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatish hamda ushbu ma'lumot orqali shaxs yoki tashkilotning sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro'siga putir yetkazganlik uchun javobgarlikka tortilish belgilangan.

Hurmatli bloger Xurshid Daliev, “O'zkimyosanoat” AJ rahbariyati Sizdan, kimyo korxonalari faoliyati bilan bog'liq chalg'ituvchi va asossiz maqolalar chiqarishdan oldin, taklif va e'tirozlar yuzasidan “O'zkimyosanoat” AJga yoki quyidagi ishonch telefon raqamiga (78) 140-74-14 murojaat qilishingiz mumkinligini bildiradi. Kelajakda biz bilan bog'langan holda yoritilayotgan masalani atroflicha o'rganib, material tayyorlashingizga umid qilamiz.

 

 

"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati


Ulashish:
Yuklab olish: