Veb-kontentga kirish imkoni

Shrift oʻlchami

Sahifa oʻlchami


“Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ilk mahsulot ishlab chiqarilganligining 10 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

2020-yil 19-avgust

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz kimyo sanoatining yetakchi korxonalaridan biri “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ilk mahsulot ishlab chiqarilganligining 10 yilligi munosabati bilan muborakbod etadi.

O'tgan qisqa davrda ishchi va mutaxassislarning fidokorona mehnatlari tufayli Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida rivojlangan ijtimoiy infratuzilmani o'zida mujassam etgan, nafaqat yurtimiz, balki chet elda ham o'z o'rniga ega bo'lgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi qad rostladi. “Tepaqo'ton” kaliyli tuzlar koni negizida ishga tushirilgan “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati nafaqat ushbu tuman, balki mamlakatimiz sanoatida ham muhim voqelik bo'ldi va yangi ish o'rinlari yaratildi.

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJning tog'-kon majmuasi qurilishi 2008 yilda “Tepaqo'ton” kaliy tuzlari konini ochish va tayyorlash ishlaridan boshlangan bo'lib, dastlab kon ishlarini olib borish uchun №1 va №2 qiya stvollar ochilgan. So'ngra ruda qazib chiqarish ishlarini amalga oshirish uchun panellar tayyorlangan va panelli qazib olish tizimi yo'lga qo'yilgan.

2010 yil aprel-may oylaridan boshlab “Tepaqo'ton” kaliyli tuzlar konida silvinit rudasini shaxta usulida qazib chiqarish amalga oshirib kelinmoqda. Ta'kidlab o'tish joizki, tog'-kon majmuasi silvinit rudasini qazib olish bo'yicha Markaziy Osiyodagi eng tez ishga tushirilgan shaxta hisoblanadi. Hozirgi kunda tog'-kon majmuasida silvinit rudasini qazib olish ishlari to'liq mahalliy mutaxassislar tomonidan yo'lga qo'yilgan.

Korxona tog'-kon va qayta ishlash majmualaridan iborat bo'lib, tog'-kon majmuasidan 2,1 mln. tonna ruda qazib olish va uni qayta ishlash majmuasida boyitib, 600,0 ming tonna tayyor kaliy xlorid ishlab chiqarish loyihaviy quvvatlariga ega.

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJning ishga tushishi bilan mamlakatimiz kimyo sanoatida yangi turdagi kaliy xlorid mineral o'g'iti to'liq mahalliylashtirildi. Korxona ilk faoliyatini boshlagan 2010 yilda respublikamiz iste'molchilarini 1,9 ming tonna kaliy xlorid mineral o'g'iti bilan ta'minlagan bo'lsa, 2019 yilda 41,04 ming tonna, 2020 yil 6 oylikda 54 ming tonna kaliy xlorid mineral o'g'iti qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish va boshqa sohalar uchun yetkazib berilgan. Natijada korxona ishga tushgunga qadar import qilingan kaliy mahsulotiga bo'lgan ichki ehtiyojning to'liq qondirilishiga erishildi, respublikaga kaliy o'g'itlar importi to'xtatildi va asosiysi valyuta mablag'larining chetga chiqib ketishining oldi olindi.

Korxona ishga tushirilishi bilan O'zbekiston jahonda kaliy o'g'iti ishlab chiqaruvchi o'n oltinchi (MDHda uchinchi) mamlakatga aylandi. Ayni paytda to'qqizta mamlakatda – Ispaniya, Kanada, AQSh, Braziliya, Xitoy, Isroil, Rossiya, Belorusiya va endilikda O'zbekistonda barcha turdagi mineral o'g'itlar ya'ni azotli, fosforli, kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.

Korxona o'zining 10 yilligini yuksak natijalar va istiqbolli rejalar bilan kutib olmoqda. Jumladan, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ o'tgan 10 yillik faoliyati davomida 30 ortiq xorijiy mamlakatlarga 300 million AQSh doll. miqdoridagi kaliy o'g'itini ekport qilganligi fikrimizning isbotidir.

Bugungi kunga kelib korxona faoliyat boshlaganidan buyon eksport qilingan mahsulotning umumiy miqdori 1 510 ming tonnaga yetdi. O'zbekistonda ishlab chiqarilgan kaliy xlorid mineral o'g'iti Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog'iston, Tojikiston, Eron, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Vetnam, Singapur, Indoneziya, Malayziya, Shri-Lanka, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Turkiya, Moldaviya, Ukraina va Afrika bozorlariga kirib bordi.

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ faoliyati yo'lga qo'yilishining yana bir ijobiy natijasiga to'xtalganda, korxonaning ishga tushirilishi bilan Dehqonobod tumani byudjetdan dotatsiya ajratiladigan tumanlar qatoridan chiqarilganligini, jamiyat tomonidan tuman infratuzulmasi rivoji yo'lida ajratilgan mablag'lar va byudjetga soliqlar to'lovlari yil sayin oshib borayotganligini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Albatta, bu natijalar zamirida korxona jamoasining fidokorona mehnati yotadi. Korxona xodimlari va malakali mutaxassislarining mamlakatimizda amalda bo'lgan pandemiya sharoitida ham samarali faoliyat yuritganliklari esa alohida e'tirofga loyiq.

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ mehnat jamoasini yana bir bor ushbu bayram bilan tabriklagan holda, Sizlarga mas'uliyatli faoliyatingizda kuch-quvvat, fidokorona mehnatingizga ulkan zafarlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-xotirjamlik va fayzu-baraka arimasin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin!


Ulashish:
Yuklab olish: