O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida tashkilot tizimidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati faoliyati yuzasidan xabar e'lon qildi va bu xabar boshqa axborot resurslarida ham tarqatildi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilning “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda O'zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va qonunosti hujjatlari talablari ijrosini ta'minlash yuzasidan o'tkazilgan tekshirish natijalariga muvofiq, kompensatsiya to'lovlari hisoblandi.
Biroq bu kompensatsiya to'lovlariga asos sifatida ko'rsatilgan vaziyat korxona faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan tabiiy jarayon hisoblanadi. Ya'ni 2018 yil avgust oyida korxona tomonidan yuritilayotgan Tyubegatan tuz koni tashqarisida bo'shliqlar (karstoobrazovanie) hosil bo'lishi natijasida yer osti kon uchastkasida sizot suvlari paydo bo'lgan.
Ushbu holatni bartaraf qilish maqsadida yer osti sizot suvlari Tyubegatan uchastkasining Tuyashsoy soyiiga chiqarilmoqda. Sizot suvlari 800-900 metrdan keyin Sho'rdaryoga borib qo'shiladi. Yer ostidan chiqayotgan sizot suvlarining mineralizatsiyasi, ya'ni qattiqligi, vodorod ko'rsatkichi, ishqoriyligi, erkin ishqoriyligi Sho'rdaryo suvi bilan tarkibiy jihatdan deyarli bir xil ekanligi esa atrof-muhit va hudud ekologiyasiga hech qanday zarar ko'rsatmasligidan dalolat beradi.
Eng asosiysi ushbu suv korxona ishlab chiqarish jarayonida ajralib chiqayotgan sanoat chiqindisi emasligini, balki yer osti tabiiy sizot suvlari ekanligini ta'kidlab o'tish lozim. Sizot suvlari esa korxona faoliyatida foydalanilmaydi. Aksincha, korxona resurslari yordamida yillar davomida ushbu sizot suvlari ajralishini bartaraf etish uchun moliyaviy harajatlar ajratilib kelinmoqda va tabiiy ofatlarni oldini olishga qaratilgan barcha tashkiliy ishlar aloqador vazirlik va tashkilotlarning mutaxassislari ishtirokida tuzilgan maxsus Ishchi guruh tomonidan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 1 maydagi “O'zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to'lovlar tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi 199-sonli hamda 2018 yil 11 oktyabrdagi “Tabiatni muhofaza qilishni taminlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 820-sonli qarorlariga asosan, korxona tomonidan tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun doimiy ravishda kompensatsiyalarni o'z vaqtida to'lab kelmoqda.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, bugungi kunda yer ustida (soy yaqinida) burg'ilangan quduqlarning biridan suv manbasi topilib, u yerdan nasoslar orqali suv olib chiqilmoqda. Buning natijasida esa kondagi sizot suvlar chiqishi keskin kamaydi hamda ularni batamom bartaraf etish uchun ishlar davom ettirlimoqda.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmat