Kuni kecha ijtimoiy tarmoqdagi kanallarning birida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga daxldor masala yuzasidan xabar e'lon qilindi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:
Avvalo muallif o'z munosabatida to'xtalib o'tganidek, “bozor iqtisodiyotida hamma narsa bir biriga bog'liq” ekanligini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Jumladan, tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlar tannarxining asosiy qismini ya'ni salkam 70 foizini tabiiy gaz va elektr energiya resurslaridan foydalanganlik harajatlari tashkil etadi. Shuningdek, mineral o'g'itlarning savdosi 10 foizlik rentabillik asosida O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi o'z savdo maydonchasi orqali tashkil etiladi. Misol uchun selitraning 1 tonnasi 1900000 so'mdan (1 qopi 95000 so'm), ammofosning 1 tonnasi 4000000 so'mdan (1 qopi 200000 so'm), karbamidning 1 tonnasi 1800000 so'mdan (1 qopi 85000 so'm), kaliyning 1 tonnasi 1500000 so'mdan (75000 so'm) birja savdolariga qo'yilmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib, ba'zi haridorlar murojaatda ta'kidlaganidek, ammofosning 1 qopini 250000 so'mdan, selitraning 1 qopini 120000 so'mdan sotayotganligi tashkilot tizimidagi korxonalar faoliyati bilan bog'liq emasligi ayon bo'ladi.
Jumladan, joriy yilning 27 aprel kuni “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi ochiq birja savdolari orqali jami savdoga qo'yilgan 50473 tonna mineral o'g'itlardan 13373 tonna mineral o'g'itlar sotilgan bo'lib, sotuvning asosiy qismini ya'ni 70 foizini ammiakli selitra tashkil etgan bo'lib, 1 tonna ammiakli selitra uchun yuqori narx taklifi 2505000 so'm bo'lsa, past narx taklifi 1930384 so'mni tashkil etgan. Bunda mahsulotning o'rtacha narxi 2154317 so'm bo'lgan. Ushbu kun 1 tonna ammofos yuqori narx taklifi 4473000 so'm, o'rtacha narx taklifi 4472990 so'mni tashkil etgan.
Endilikda 28 apreldan boshlab ammofos narxi arzonlashtirilgan narxda birja savdolariga quyiladi. Ya'ni 1 tonnasi 4473000 so'm emas, balki 23570 va 24639-sonli kontraktlarda 4000000 so'mdan birja savdolariga chiqarilmoqda.
“O'zkimyosanoat” AJ tomonidan birja savdolariga doimiy ravishda ya'ni ertalabki savdoda 10:00-10:20gacha va kechki savdoda 15:00-15:20gacha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlar yetarli darajada qo'yib borilayotganini inobatga olib, barcha iste'molchilarni, jumladan, qishloq xo'jalik mahsulotlar yetishtiruvchi bo'lgan fermerlar va dehqon xo'jaliklari kunlik birja savdolarida shaxsan ishtirok etib mahsulotlarimizni to'g'ridan-to'g'ri harid qilishga chorlab qolamiz. Natijada mahsulotlarni boshqa iste'molchilar tomonidan olib sotish amaliyotiga chek quyilib, mahsulot tan narxi yanada oshishining oldi olinar edi.
Ma'lumot uchun birja savdolarida sotib olingan mineral o'g'itlar korxonalar tomonidan respublika bo'yicha joylarda tashkil etilgan omborlardan yetkazib berilishini ta'kidlab o'tish lozim. Kichik miqdorda harid qilingan mahsulotlarni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz zavoddan emas, o'z hududidagi ombordan yetkazib beriladi.
Bugungi kunda tashkilot va uning tizimidagi korxonalar barcha imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanib mamlakatimizdagi mineral o'g'itlarga bo'lgan ichki talabni to'liq qondirish hamda arzon narxda iste'molchilarga yetkazish borasida o'z faoliyatini tashkil etib kelmoqda.
Buning uchun avvalo meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanning har biri tizimdagi korxonalarga biriktirib chiqildi. Korxonalar o'zlariga biriktirilgan tumanlarda maxsus do'konlarni tashkil etish uchun birinchi navbatda o'sha hududda mavjud mineral o'g'itni saqlash va sotishga moslashgan infratuzilma ob'ektlari, omborxonalardan maksimal darajada unumli foydalaniladi.
Bundan tashqari hududiy “Agrokimyohimoya” omborlari va infratuzilma ob'ektlarini jalb qilishga ham e'tibor qaratiladi. Maqsadimiz harajatni kamaytirib, dehqonni to'g'ridan-to'g'ri arzon o'g'it bilan ta'minlash hisoblanadi. Rejalashtirilgan ishlar amalga oshirilishi natijasida, hozirda sotilayotgan o'g'itlarning narxidan 10-12 foiz arzonroq narxda o'g'itlar vositachilarsiz iste'molchiga yetkazib berishga erishiladi.
Hozirda 1 sutkada “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 7,5 ming tonna azotli, 1,1 ming tonna fosforli va 850 tonna kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarilmoqda.
O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi “O'zkimyosanoat” AJ savdo maydonchasi orqali tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosi bo'yicha barcha ma'lumotlarni www.uzkimyosanoat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi https://t.me/uzkimyosanoat va https://www.facebook.com/uzkimyosanoat/ rasmiy sahifalari orqali olishingiz mumkin.
Mahsulotlarni yetkazib berish va ularning sifat darajasi bo'yicha taklif va e'tirozlaringiz bo'lsa, (78) 140-74-48 ishonch telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati