Hozirda ijtimoiy tarmoqda muhokama qilinayotgan masalalardan biri Jizzax viloyati Mirzacho'l tumani “Ipak yo'li” QFYda yashovchi bir guruh fuqarolarning “Ipak yo'li” QFYda joylashgan “Zilol buloq” MChJga qarashli ammofos ishlab chiqarish sexidan chiqayotgan zaharli gazlarning inson salomatligiga salbiy ta'siri yuzasidan qilingan videomurojaati “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o'rganib chiqilib, quyidagilarni ma'lum qiladi.
Avvalom bor shuni ta'kidlash lozimki, ammofos – murakkab kompleks azot-fosforli mineral o'g'it hisoblanib, ushbu o'g'it bir nechta bosqichlardan iborat kimyoviy jarayonlarni o'z ichiga olgan texnologiya asosida ishlab chiqariladi. Bu jarayonlarda organizmga, tuproqqa, atrof-muhitga zararli ta'sir yetkazishi mumkin bo'lgan sulfat va ortofosfor kislotalari, ammiak va boshqa asosiy kimyoviy xom-ashyolar ishlatiladi. Bu turdagi kimyoviy moddalardan foydalanish, ularni saqlash, tashish kabi ishlarni amalga oshirish uchun ham tegishli talablar belgilangan. Bundan tashqari texnologik jarayonlar ham yuqori bosim va haroratlarda ishlovchi uskunalarda olib boriladi.
Bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun katta yer maydoni, jumladan, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo'ladigan ikkilamchi chiqindilarni saqlash uchun maxsus yer maydoni talab etiladi va bu turdagi ishlab chiqarish ob'ektlari SanQvaN 0090-99-son “Mineral o'g'itlar ishlab chiqarish korxonalari uchun sanitariya qoidalari” talablariga muvofiq aholi punktlaridan kamida 1000 metr masofada joylashgan bo'lishi belgilangan.
Umuman olganda, mineral o'g'itlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari birinchi navbatda SanQvaN 0090-99-son “Mineral o'g'itlar ishlab chiqarish korxonalari uchun sanitariya qoidalari” bilan belgilangan sanitar-gigienik qoidalarga javob berishi talab etiladi.
Shu o'rinda mineral o'g'itlar ishlab chiqarish korxonalar faoliyati davomida O'zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida”, “Ekologik nazorat to'g'risida”, “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida”, “Chiqindilar to'g'risida”, “Ekologik ekspertiza to'g'risida”gi Qonunlarga hamda O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan ruxsat etilgan me'yoriy hujjatlar asosida ish yuritishi lozimligini ta'kidlab o'tish kerak.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida mahsulotning sifat ko'rsatkichlarini ta'minlash hamda korxonada sanitar-gigienik talablarni bajarish uchun kimyoviy korxonalar kimyoviy sinov va sanitariya laboratoriyalariga ega bo'lishi, barcha texnologik jarayonlar va korxonaning sanitariya-gigiena holati tizimli nazoratga olinishi kerak.
Ammofos yoki shunga o'xshash murakkab mineral o'g'itlarni ishlab chiqarish uchun o'z ichiga bir nechta yordamchi sex va bo'linmalarni olgan yirik kimyoviy korxona barpo etishni talab qiladi. Ya'ni belgilangan talablarga javob bermaydigan korxonalarda qo'lbola usullarda mineral o'g'itlarni ishlab chiqarish mumkin emas.
O'zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish” hamda “Muvofiqlikni baholash to'g'risida”gi Qonunlariga muvofiq kimyoviy mahsulotlar, jumladan, mineral o'g'itlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun tegishli standartlar qabul qilinishi va mahsulotlar ushbu standartlar talablaridan kelib chiqib muvofiqlik sertifikatlariga ega bo'lishi lozim.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 martdagi 220-son qaroriga asosan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan ishlab chiqilayotgan standartlar loyihalari, jumladan, mineral o'g'itlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqilayotgan tashkilot standartlari loyihalari ham “O'zkimyosanoat” AJ qoshida tashkil etilgan kimyo sanoati sohasidagi standartlashtirish bo'yicha texnik qo'mita bilan kelishilishi lozim.
“O'zkimyosanoat” AJ sifati talab darajada bo'lmagan mineral o'g'itlarni ishlab chiqarish va natijada inson organizmiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan, nafaqat dehqon fermerlarga zarar keltiradigan balki tuproqning buzilishiga ham olib keladigan hamda atrof-muhitning ekologiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan holatlarning oldini olish maqsadida o'z vakolatlari va texnologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mineral o'g'itlarni ishlab chiqarishni tashkil etish niyatida bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari bilan doimo hamkorlikka tayyorligini ma'lum qiladi.
"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati
source:
"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati